Hosiyat Rustam

Hosiyat Rustam

[email protected]

Çocuklarını Yiyen Toprak Ana

18 Ekim 2024 - 15:02

Ona yer yeb qoʻydi bolalarini…

Oʻsha kun bir yomon xabar tarqaldi, 
Mening halqumimga keldi jahonim.
Bu maʼshum xabardan uylar chayqaldi, 
Bir zum esi ogʻib qoldi dunyoning. 

Hayot avtodahol, uylar yiqilgan, 
Aralashib boʻlmas taqdir ishiga. 
Ammo bu oʻxshardi buvim gapirgan-
Qiyomat - qoyimning koʻrinishiga. 

Xuddi tushdagidek holim yetmadi, 
Chinqirsam sasimni yutdi navozlar. 
Qulogʻim ostidan ketdi-ketmadi-
Boshqa bir dunyodan keldi ovozlar. 

Oʻsha kun… gapirib boʻlmas u kunni, 
Chindan u oʻxshardi qiyomat-qoyimga. 
Men ham ichkaridan toʻkilib ketdim, 
Vujudim toʻkilib tushdi poyimga. 

Uyasi buzilgan qushlar izillar, 
Itlar uvlab chiqar buzib samoni. 
Azim Turkiyada boʻlgan zilzila-
Titratib yubordi butun dunyoni…

Odamlar… faryodim falakka yetdi-
Eshitdim, yuragim charsillab yondi.
Va oʻsha kechasi yer yutib ketdi, 
Mening qad rostlagan ikki dunyomni. 

Oyoqlar havoda uchdi, qoʻlchalar…
Boshlar yerga tushdi toʻp kabi 
Yoʻlakda sirpanib ketdi koʻchalar…
Parchalanib ketdi yer shari. 

Qushlar ham yigʻladi aylanib-uchib,
Tun boʻyi akillab chiqdi itlar och.
Biz yigʻlay olmaymiz osmonni quchib, 
Bir kun shu yerga ham qolmasa ishonch. 

Osmon uysiz qolgan, yer ketgan qoʻldan, 
Koʻlmakka aylangan koʻz yosh, jolalar.
Kimlar yaralangan, kimlardir oʻlgan, 
Oʻlimga yiqilib oʻlgan soyalar… 

Hatto kalimaga kelmay qolgan til, 
Havo muhtoj boʻlib qolgan havoga. 
Xudoning oldida yeru koʻk bir xil, 
Boylar-kambagʻallar bir xil Xudoga. 

Tirik qolgan kimsa quchdi beomon-
Oʻlim ergashtirgan soyalarini. 
Oʻsha kun shafqatni bilmadi osmon-
Ona yer yeb qoʻydi bolalarini…

Allohga ming shukr, u kunlar oʻtdi,
 Yana yoʻl qurildi, uylar, bogʻ, makon.
Yerku bir silkindi va oʻtib ketdi, 
Menda zilzilalar etmoqda davom… 

Necha kunlar oʻtdi, hamon yigʻlayman,
 Bilaman, qutilib boʻlmas kadardan. 
Endi qanday yashash mumkin, bilmayman, 
Ichimda boshlangan zilzilalardan. 

Xosiyat RUSTAM. Oʻzbekiston., 02.10.2023-yil.

Reklam

FACEBOOK YORUMLAR

YORUMLAR

  • 0 Yorum